Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 10 sentyabr kuni AQSh prezidenti Donald Trampga ikki marta qo‘ng‘iroq qilib, uni Yaman husiylariga qarshi zarbalar berishga chaqirdi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning ikki rasmiysiga tayanib, Axios xabar berdi.
Shahzoda prezidentdan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarga Qizil dengizdagi muhim bo‘g‘ozga yaqinlashayotgan paytda hujum qilishni so‘ragan. Ammo Tramp Muhammad bin Salmonning chaqirig‘ini rad etgan. AQSh prezidenti ma’muriyati hozircha husiylarga qarshi harbiy harakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvni rejalashtirmagan.
AQSh Yamandagi mojaroning kuchayib borayotganidan xavotirda. Ammo bevosita harbiy aralashuvdan qochishga intilgan holda Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmoqda, deb yozadi Axios.