Saudiya Arabistoni Suriya Arab Respublikasining Jahon banki oldidagi qarzlarini to‘lashni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor uchta manbaga tayanib.
Saudiya Arabistoni Moliya vazirligi vakili bu haqda izoh berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, agentlik potensial qarzning qaytarilishi Suriya muxolifati o‘tgan yili Bashar al-Assad rejimini ag‘darganidan keyin Saudiya Arabistonining Suriyaga moliyaviy yordam ko‘rsatishi haqidagi birinchi ma’lum holat bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
O‘tgan oy Qatar fuqarolar urushi vayron bo‘lgan mamlakatdagi muammoli elektr ta’minotini yaxshilash uchun Iordaniya orqali Suriyaga gaz yetkazib berish rejasini e’lon qilgan edi. Shu bilan birga, Dohaning Suriyadagi maoshlarni moliyalashtirish bo‘yicha ilgari e’lon qilingan tashabbusi AQSh sanksiyalari bo‘yicha noaniqlik tufayli to‘xtatib qo‘yildi.
Suriyaning Jahon bankiga 15 million dollar qarzi bor, uni xalqaro moliya instituti grantlar va boshqa yordam shakllarini ma’qullagunga qadar to‘lash kerak.
Damashqda xorijiy valyuta yetishmaydi, xorijdagi muzlatilgan aktivlar yordamida qarzlarni to‘lash bo‘yicha oldingi reja amalga oshirilmagan. Baas partiyasi rejimi ag‘darilganiga qaramay, AQShning Asad hukmronligi davrida qo‘ygan qattiq sanksiyalari o‘z kuchida qolmoqda.