Sanepidqo‘mita aholidan ko‘cha-ko‘ylarda, belgilanmagan joylarda sotilayotgan muzqaymoqlar, ayniqsa frezerli uskunalarda tayyorlangan muzqaymoqlarni (quyma) xarid qilmaslikni so‘radi.
Xabarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 407-sonli "Yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga binoan muzqaymoqlar mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan turg‘un va ko‘chma savdo nuqtalarda sotilishiga ruxsat etiladi.
Keltirilishicha, bunday holatda sotilmagan muzqaymoqlarni yeyish oqibatida ovqatdan zaharlanishlar, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari kelib chiqishi mumkin. Shu sababli quyidagilarga rioya qilish so‘raldi:
— muzqaymoqlar sifati va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari mavjud bo‘lganida savdo qilinishi, qadoqlangan muzqaymoqlar talab etilgan haroratda muzlatkichlarda saqlanishi shart;
— muzqaymoqlarni xarid qilishda ularni saqlash sharoiti, qadog‘i va undagi iste’mol muddatiga doimo e’tibor berish kerak;
— muzqaymoq sotuvchilari Sog‘liqni saqlash vazirligining 200-sonli buyrug‘i asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari va maxsus kiyim bilan ta’minlanishlari talab qilinadi.