Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Samarqanddagi ayanchli holat: "Baribir, bir soatda o‘ladi, bolangizni olib ketavering"

Samarqanddagi ayanchli holat: "Baribir, bir soatda o‘ladi, bolangizni olib ketavering"

Jurnalist Alisher Nazar feysbukdagi sahifasida quyidagi real voqelikni joyladi. Buni e’lon qilishdan maqsad, shifokorlarimiz o‘z vazifalarini yaxshiroq anglab olishsin.

ANA SIZGA TOMOSHA

O‘tgan hafta ukam og‘zi qulog‘ida Samarqanddan telefon qildi: qiz farzand ko‘ribdi! Qo‘shilib quvondik. Ertasi kuni xafa bo‘lib telefon qildi: chaqaloq yurak porogi bilan tug‘ilganmish... Sabr tiladik. Keyingi kuni vahima bilan telefon qildi: chaqaloq jonlantirish bo‘limida emish. Xudoga iltijo qildik. To‘rtinchi kuni yig‘lab telefon qildi: "aka, taqdir ekan, "uzildi".
– Shifoxonadami hozir?
– Yo‘q, yarim soat burun do‘xtirlar javob bergandi. Uyga ketayapmiz yo‘lda bo‘lmadi. (Samarqand shahri bilan uyi orasi 60 km)
– Ahvoli og‘ir bo‘lsa nega shifoxonadan olib chiqding?
– Do‘xtirlar "uzog‘i bilan 1 soatlarda o‘ladi, uyingizga olib ketavering, endi iloji yo‘q" degandi.
– Do‘xtir bunday deyishi mumkin emas, chaqloqni chiqarishda nima deb rasmiylashtirdi?
– Bilmadim, menga "til xat" yozdirib oldi...
– Nima deb?
– "Bolamni og‘ir ahvolda o‘z xohishim bilan olib chiqib ketyapman", deb yozdirdi. "Guvohnoma" ham olganimiz yo‘q, ism ham qo‘ymagan edik.
Xo‘p, endi bunga nima deysiz?
– Xudo senga sabr bersin! O‘zi berib, O‘zi olibdi, chorasi yo‘q! Biz ham yetib boramiz, – dedim.
Xafa bo‘lib, yo‘lga tushdik... Yarim yo‘lda telefon bo‘ldi.
– Aka, chaqaloq o‘lmagan ekan!!!
...Yurak porogi bilan tug‘ildi degan chaqaloq 4 kun shifoxonada bo‘lgan. Biror marta onasiga ko‘rsatilmagan, emizilmagan. To‘rtinchi kuni "baribir o‘ladi" deb, ota-onasining qo‘liga tutqazilib, uyga javob berib yuborilgan. Bola yarim yo‘lda "uzilgan"dek bo‘lgan. Otasi yig‘lab hammaga telefon qilib chiqqan. Ular uyga borguncha domla chaqirilgan, 2-3 tasi qabr qazishga kirishgan. Chaqaloqni ko‘mishga tayyorlayotganda kimdir bilinar-bilinmas tamshanganini ko‘rib qolgan. Shundan keyin onam (85 yosh) tashabbusni qo‘lga olgan va o‘zining uslubida chaqaloqni "silkilab", "tiriltirib" olgan. Biz borsak qizaloq onasini emib boshlagan ekan.
– Do‘xtirning padariga la’nat, – deydi onam. – Bola och qolgan. Tomiriga ukol qilib, hatto ignasini ham olmagan. Shu holatda o‘rab berib yuborgan. Nechta xotinni uyda o‘zim tug‘dirib olganman. Do‘xtiri shunaqa bo‘lsa, bundan keyin kelinlarni o‘zim tug‘dirib olaman!
Keyingi paytlarda do‘xtirlarning kaltaklanayotganini eshitib hayron bo‘lgandim. Endi hammasi tushunarli! Darvoqe, chaqaloqning qulog‘iga azon aytib, ismini Imona qo‘yib keldik. Xudoga shukur, hozircha hammasi joyida.

Kiritildi: 16:53 26.09.2019. O'qildi: 5728 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!