Rossiyaning"MIR 24" telekanalida Samarqandning kashtachilik maktabi va ipakdan to‘qilgan gilamlariga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA.
Dastur boshlovchisi Aleksey Rayevskiy Samarqand kashtachilik maktabi an’analari va gilam to‘qish usullari haqida ma’lumot bergan.
«Samarqand gilamlari - bu qo‘lda yaratilgan haqiqiy san’at asari, - deya e’tirof etadi jurnalist. –Qo‘lda to‘qilgan gilamlarning eng yaxshisi Moskvadagi kvartiralar narxiga teng. Hunarmand bitta gilamni to‘qish uchun olti yil vaqt sarflaydi. Ish shu qadar nozikki, jarayon zargarlik buyumlarini yasashga o‘xshaydi. Bunday mashaqqatli ishga har qanday insonning ko‘zi chiday olmaydi. Ushbu gilamning bir kvadrat santimetrida 300 dan ortiq mayda tugunlar mavjud. 50x50 santimetr o‘lchamdagi gilam to‘qish uchun esa kamida to‘qqiz yil kerak bo‘ladi».
Qayd etilganidek, qo‘lda to‘qilgan gilamlar Samarqandning tashrif qog‘ozlaridan biri hisoblanadi.
Boshlovchining ta’kidlashicha, 1992 yilda Afg‘oniston, Turkmaniston va O‘zbekistondan uch nafar hunarmandlar sulolasi vakillari birlashib, deyarli yo‘qolib ketgan hunarmandchilikning ushbu turini qayta tikladilar. Hozirgi kunda ushbu loyiha dunyoga mashhur gilam to‘qish zavodiga aylandi.
«Samarqand gilam to‘qish korxonasiga har kuni butun dunyodan sayyohlar keladi. Ular 3D shaklidagi ipak va jundan to‘qilgan gilamlarni hayrat bilan tomosha qiladilar. Shuningdek, sayyohlar gilam to‘qish an’analari haqida ko‘proq bilishni istashadi», - deydi Aleksey Rayevskiy.