Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Samarqandda qizamiq epidemiyasi tarqalgani haqidagi xabar rostmidi?

Samarqandda qizamiq epidemiyasi tarqalgani haqidagi xabar rostmidi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri va ayrim tumanlarida qizamiq epidemiyasi tarqalgani va tuman shifoxonalarining yuqumli kasalliklar bo‘limida joy yetishmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, Urgut tumanida qizamiq epidemiyasi yoyilgani, tumandagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida qizamiqqa chalingan bolalarning ko‘payganligi ta’kidlanib, joy yo‘qligi¸bemorlar bilan to‘lib ketganligi bildirilgan. Go‘yoki karantin deb shifoxona ichkarisiga odamlar qo‘yilmayotgani ham yozilgan.

Mazkur holat yuzasidan «Daryo» muxbiri Farhod Norbo‘tayev jurnalistik surishtiruv olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil Urgut tumanida 522 nafar fuqaro o‘zida toshma sindromi gumon qilib shifoxonaga murojaat qilgan. Ularning bor yo‘g‘i 4 nafarida qizamiq kasalligi tashxisi qo‘yilgan.

– O‘tgan yil davomida reja asosida 13070 doza emdori olingan va bolalar to‘liq emlangan. Shuningdek, 11790 nafar bola qayta emlangan, - deydi Urgut tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Dilshod Tog‘ayev. – Bundan tashqari epidimologik holatlardan kelib chiqib G‘o‘s, Vag‘ashli, Navoiy, Qoratepa, Mehnatobod mahallalari va Urgut shahridagi 2500 nafar bolalar ham emlangan.

Jurnalistik surishtiruv davomida Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limida ham bo‘ldik. 2017 yilda qurilgan mazkur bo‘lim 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 45 nafar turli kasalliklar bilan kelgan bemorlar davolanayotganligi va ayni paytda 35 ta bo‘sh o‘rin borligi aniqlandi.

– 2020 yilda Urgut tumanining yuqumli kasalliklar bo‘limiga jami 6 nafar fuqaro toshma sindromi bilan, qizamiqqa gumon qilinib, shifoxonaga yotqizildi, – deydi Urgut tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limi mudiri Qobil Fayziyev. – Ammo, o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng ularning 3 nafaridagi toshma qizamiq kasalligi emasligi aniqlanib, ularning ahvoli yaxshilangach uylariga javob berildi. Ayni vaqtda bo‘limimizda yana uch nafar toshma sindromi bilan yotqizilgan bemorlarimiz bor bo‘lsa-da, ularda ham kasallik aynan qizamiq ekanligi tasdiqlangani yo‘q. Ayni kunda ular kerakli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilmoqda.

Tumanning yuqumli kasalliklar bo‘limidagi vaziyatni o‘rganish maqsadida davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashdik. Bemor Zuhra Obloqulova isitmasi yuqoriligi sababli uch kun avval mazkur bo‘limga murojaat qilganida, hech qanday karantin holati bo‘lmaganligi hamda davolanish uchun joy borligini ta’kidladi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati viloyatining boshqa tuman va shaharlarida ham qizamiq epidemiyasi tarqalmaganligi, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar asossiz ekanligini bildirdi.

– 2019 yil yanvardan 5 avgustgacha bo‘lgan muddatda Samarqand viloyatida 419 ta holatda qizamiqqa gumon qilingan bo‘lib, ulardan 29 nafarida kasallik tasdiqlangan. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizga qizamiq virusi boshqa davlatlardan kirib kelgan. 2018 yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar natijasida 22 310 nafar kishi qizamiq kasalligiga qarshi emlandi.

Samarqand viloyatida kasallik kelib chiqishining asosiy sababi ham qizamiqqa qarshi emlanmagan chet ellik fuqarolar bo‘lmoqda, - deyiladi  Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. - Qizamiq kasalligining profilaktikasi va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor, yillar davomida to‘plangan tajriba va  aniq tahlillar mazkur kasallikni eng past ko‘rsatkichda ushlab turish hamda  uni to‘liq bartaraf etish imkonini bermoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSST tomonidan ushbu tizimli tadbirlarning bajarilishi qat’iy nazoratga olingan.

Kiritildi: 08:30 12.01.2020. O'qildi: 1617 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!