Samarqandda bayram kuni mashinasida manyovrlar bilan "drift"lar bajargan haydovchiga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda YHXX axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yil 31 dekabr kunidan 2023 yil 1 yanvar kuniga o‘tar kechasi soat 01:00 larda Samarqand shahrining "Xo‘ja Ahror Valiy" ko‘chasida "Mercedes-Benz" rusumli, davlat raqam 01L700OA belgili avtomobil haydovchisi, 1987 yilda tug‘ilgan R.A. atrofdagi fuqarolar e’tiborini jalb etish maqsadida xavfli bo‘lishiga qaramasdan turli manyovrlar bilan "drift"lar bajargan.
“Jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzganligi yetmagandek, uni tartibga chaqirishga uringan xodimlarning ham qonuniy talablariga bo‘ysunmagan”– deyiladi xabarda.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar bugun, 3 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan o‘rganilib, fuqaro R.A.ning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-, 194-modda 1-qism va 195-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.