Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning UzNews.uz'ga xabar berishicha, 2023 yilning 3 mart kuni Urgut tumani "Tersak" mahallasida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan A.S. shu mahallada joylashgan ota-onasining yashash xonadonining yordamchi xo‘jalik xonasida noma’lum sabablarga ko‘ra o‘z joniga qasd qilib, arqon yordamida bo‘yin sohasidan osgan. Natijada, qiz voqea joyida vafot etgan.
Marhumaning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida shu kuni sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasida, S.A.ning o‘limi osilishda bo‘yin a’zolarini sirtmoq bilan qisilishi natijasidagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga marhuma S.A.ning turmush o‘rtog‘i S.S. tomonidan o‘z uyali telefonida saqlangan behayo Telegeram-kanaliga joylashgan marhuma turmush o‘rtog‘ining fotosuratini taqdim etgan.
Mazkur fotosurat ko‘zdan kechirilganda, qayd etilgan kanal nomlanishidan behayolik va odobsizlikdan dalolat bersa-da, fotosuratdagi qizlarning kiyim-kechagi mavjud bo‘lib, obro‘sizlantirish, kamsitish yoki axloq-odob normalariga zid keluvchi belgilar mavjud emasligi hamda fotosurat ostida biron yozuv, izoh yoki havolalar mavjudligi aniqlanmagan.
Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, biron bir kishining harakatida jinoyat tarkibi va jinoiy hodisa aniqlanmaganligi bois, 1 aprel kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.