Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 2 ta “zapravka” 2 mlrd 319 mln so‘mlik yoki qariyb 26 mingta xonadonning bir oylik iste’moliga teng hajmdagi elektr energiyasini o‘g‘irlagani aniqlandi
Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda Samarqand va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Xususan:
Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “K.G.O.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSh)ning elektr hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi natijasida davlat manfaatlariga 1 mlrd 275 mln 229 ming so‘m (2 mln 833 ming 842 kVt⋅soat);
Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanidagi “CH.Y.” MCHJga qarashli AGTKShning elektr hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi natijasida davlat manfaatlariga 1 mlrd 43 mln 815 ming so‘m (2 mln 319 ming 588 kVt⋅soat), jami 2 mlrd 319 mln 44 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Ma’lumot uchun: ushbu miqdordagi elektr energiyasi 25 ming 767 ta xonadonning bir oylik iste’moliga tengdir.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.