Samarqand shahri 2025 yilda Islom dunyosi madaniyat poytaxti maqomini oladi. Bu haqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 25 sentyabr kuni Qatarda XXII Islom dunyosi madaniyat vazirlarining «Islom olamida madaniy tadbirlarning yangilanishi tomon» mavzusidagi 12-konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Konferensiya kun tartibida dunyo madaniy siyosatining yetakchi tamoyillari va barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlari, islom olamida insoniyatning barhayot boyliklari va an’anaviy bilimlarini qadrlash, madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga oid qator masalalar muhokama etildi.
«Eng muhimi, konferensiya doirasida 2025 yil Samarqand Islom dunyosi madaniyat poytaxti deb tasdiqlandi. Bu maqom bizga yana bir karra dunyoga madaniy merosimizni namoyon etish imkonini taqdim etadi», deb yozdi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Islom dunyosi madaniyat poytaxti maqomini Ozarboyjonning Shusha shahri olgan.