Tibbiyotdan uzoqroq bo‘lgan odamlar yoki poliklinika qabulxonalari bilan chegaralanadigan bemorlar in’eksiya turlarini ikki xil: vena ichiga va muskulga (dumbaga) ukol qilish deb o‘ylaydi xolos, deya yozmoqda “Dori-Darmon” AK Axborot xizmati.
Aslida, bemor organizmiga dori vositalarini yuborishda tabletka ichishdan tashqari in’eksiyaning quyidagi 6 xil turi farqlanadi:
• Vena ichiga – eng keng tarqalib bevosita vena qon tomiri ichiga dori jo‘natiladi. U ikki xil bo‘ladi: kapelnisada tomchilab yuborish va shpris orqali birdaniga bilan yuborish;
• Muskul orasiga – dori yuborishning eng keng qo‘llaniladigan turi bo‘lib, oddiyligi va muskul to‘qimasiga oson tusha olish bilan xarakterlanadi;
• Teri ostiga – eng murakkab muolaja xisoblanib, katta malaka talab etadi. Bunda shpris ignasi mayda qon tomirlarga boy bo‘lgan teri osti yog‘ kletchatkasiga kirgiziladi;
• Teri ichiga – bu dori preparatini qonga kam tushishini ta’minlash maqsadida ingichka igna yordamida terining muguz qavatiga yuborish bo‘lib, anesteziologiya va diagnostika maqsadlarida qo‘llaniladi.
• Suyak ichiga – maxsus malakali tibbiy personallar tomonidan aloxida ko‘rsatmalarga asosan bajariladi. Masalan, semizligi ortiqcha bo‘lgan pasiyentlar yoki anesteziya maqsadida.
• Arteriya ichiga – kam qo‘llaniladigan usul bo‘lib, reanimasion chora tadbirlar paytida qo‘llaniladi. Asoratlari ko‘p uchraydi.
In’eksiyalar qanday burchak ostida qilinadi?
In’eksiyalar bajarilayotganda shpris ignasi va teri oralig‘idagi burchak quyidagicha bo‘lishi kerak:
Muskul orasiga - 90 gradus ostida;
Teri ostiga – 45 gradus ostida;
Vena ichiga - 25 gradus ostida;
Teri ichiga - 10-15 gradus ostida.