Buyuk Britaniya Konservativ partiyasining yuqori lavozimdagi a’zolari sobiq bosh vazir Boris Jonsonni torilarning past reytingi sharoitida siyosatga qaytishga undamoqda. Bu haqda The Sun gazetasi partiyadagi manbalarga asoslanib xabar bermoqda.
"Eski gvardiyaning ayrim vakillari Jonsonga maktub yo‘llab, uning qaytishi bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda," - deya nashr suhbatdoshi ma’lum qildi. Boshqa bir manba esa torilar qarorgohida uning qaytish imkoniyati muhokama qilinayotganini qo‘shimcha qildi. Partiya obro‘sining pasayishi fonida bu kabi gaplar kuchayib ketdi.
YouGov tashkilotining 20 may kungi so‘rovi natijalariga ko‘ra, konservatorlar 16 foizlik qo‘llab-quvvatlash bilan to‘rtinchi o‘ringa tushib qoldi. Birinchi o‘rinni o‘ng qanot populistik partiyasi Reform UK (29%) egalladi, keyingi o‘rinlarda esa leyboristlar (22%) va liberal-demokratlar (17%) joy oldi.