Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Bishkekda davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma imzoladilar.
Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi chegarani delimitasiya va demarkasiya qilish bo‘yicha muzokaralar 2002 yildan beri davom etayotgan edi.
Uzunligi qariyb 1000 kilometr bo‘lgan Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi vaqti-vaqti bilan mojarolar kuzatilib turgan. Eng yirik nizolar 2021 va 2022 yillarda yuz bergan.
2021 yilda uch kun davom etgan janglar natijasida 36 nafar qirg‘izistonlik va 19 nafar tojikistonlik halok bo‘lgan edi. 2022 yil sentyabr oyida ikki kun davom etgan chegara to‘qnashuvlari vaqtida kamida 100 kishi halok bo‘lib, qariyb 140 ming kishi evakuasiya qilingandi.
Bu voqealardan so‘ng tomonlar chegara delimitasiyasi bo‘yicha harakatlarni faollashtirdilar.