Mixail Saakashvili muxolifatni Gruziyadagi parlament saylovlari natijalariga norozilik bildirishga chaqirdi.
Gruziya sobiq prezidentining bayonoti siyosatchining Facebook'dagi sahifasida e’lon qilindi.
"Hozir qanday qilib aldanganimiz uchun boshimizni qumga tiqib oladigan payt emas. Biz ozodlik uchun kurashayotganimizni, adolatsizlikka toqat qilmaydigan xalq ekanimizni dunyoga ko‘rsatish uchun katta norozilik namoyishlari vaqti keldi. Vaqt juda oz!" — deb yozgan Saakashvili.
Gruziya Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, Saakashvilining “Birlashgan milliy harakat” partiyasi parlament saylovlarida 10,12 foiz ovoz olgan. Partiya saylovlarni "o‘g‘irlangan" deb hisoblamoqda va mandatlaridan voz kechishga ham tayyor ekanligini bildirgan.