“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror” darajadan “ijobiy” darajaga yaxshiladi, deb yozmoqda Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Bunday baho jahon moliya hamjamiyatining O‘zbekistonda Prezident rahbarligida olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi hamda tanlangan yo‘l to‘g‘riligini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari tufayli mamlakatimiz xorijiy investorlar uchun yanada jozibador bo‘ldi, bu esa iqtisodiy o‘sishga xizmat qilmoqda va fuqarolar hayot sifati yaxshilanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizning suveren kredit reytingini oshirish bo‘yicha ishchi guruh rahbari sifatida men har qanday natijani nafaqat saqlab qolish, balki yanada yaxshilash zarur ekanini chuqur his qilaman. Shu ma’noda, barcha manfaatdor tomonlarning hamkorligi va kompleks yondashuvini talab qiladigan katta ishlar hali oldinda.