AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasida Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklar mavjud.
Bu haqda NBC News manbalarga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining ikki yuqori martabali a’zosi Rossiya-Ukraina urushining ijobiy yakunlanishi borasida turlicha qarashlarga ega. Rubio tinchlikka erishish uchun Rossiyaga harbiy va iqtisodiy bosimni kuchaytirish zarur, deb hisoblasa-da, Uitkoff Ukrainaning faolroq yon berishini ma’qullaydi.
Xususan, NBC News telekanali xabariga ko‘ra, Rubio Jenevada Ukraina vakillari bilan muzokaralarda ishtirok etishni rejalashtirgan, biroq Uitkoff davlat kotibini chetlab o‘tish va muzokaralarni diplomatsiz olib borish uchun u yerga undan avvalroq borgan.
Oxir oqibat, Davlat kotibi Jenevaga o‘z vaqtida yetib keldi va muzokaralarda ishtirok etdi. Manbalar keltirgan yana bir misol, Uitkoffning aprel oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun safari bo‘lib, Marko Rubio unga qo‘shilishga harakat qilgan. Davlat kotibi muvaffaqiyatga erishdi, biroq uning Uitkoff bilan suhbati diplomat uchun "xo‘rlovchi voqea" bo‘ldi.
Bundan tashqari, NBC News manbalari ta’kidlaganidek, Davlat departamentida ko‘pchilik Uitkoffni himoyalanmagan aloqa kanallaridan foydalangani va umuman xavfsizlik masalalariga e’tibor bermagani uchun tanqid qiladi. Telekanal manbalaridan birining ta’kidlashicha, Uitkoff diplomatik sohada havaskor va "Rossiyaga haqiqiy sovg‘a".
AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati Marko Rubio va Uitkoff o‘rtasida hech qanday kelishmovchiliklar bo‘lmaganini ta’kidladi.