AQSh davlat kotibi Marko Rubio Davlat departamentining yuqori lavozimli xodimlaridan o‘z vakolatlari doirasida ishlashni talab qilib, axloq qoidalarini buzgan amaldorlar ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirdi.
Reuters agentligining to‘rtta manbaga tayanib xabar berishicha, Rubio o‘tgan haftagi yig‘ilishda rahbariyat bilan kelishilmagan qarorlarni tanqid qilgan. U muhim tashabbuslar davlat kotibi yoki uning o‘rinbosari Kristofer Landau tomonidan tasdiqlanishi shartligini ta’kidlagan.
Yig‘ilish AQShning Gresiyadagi elchisi Kimberli Gilfoyl iste’fosidan keyin o‘tkazilgan. OAV uni Donald Tramp ma’muriyati amaldorlari bilan pul evaziga aloqa o‘rnatib berishda ayblagan, biroq Gilfoyl bu da’volarni rad etgan.
Keyinchalik Davlat departamentining siyosiy rejalashtirish bo‘limi rahbari Jeremi Lyuin ham lavozimini tark etdi. Manbalar buni uning kelishilmagan harakatlari bilan bog‘lamoqda. Lyuin esa o‘z xohishi bilan ketganini va qarori yig‘ilishga aloqador emasligini bildirdi.
AQSh Davlat departamenti Reuters'ning mazkur yig‘ilish haqidagi so‘roviga izoh berishdan bosh tortdi.