Yil boshidan beri oltin zaxiralari hajmi qariyb 1,6 million unsiyaga, ya’ni deyarli 50 tonnaga kamaydi.
Rossiyaning oltin zaxiralari iyul oxiriga kelib 73,2 million unsiyagacha qisqardi. Bu 2020 yil yanvaridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. Bu haqda Rossiya Markaziy banki ma’lumotlari dalolat bermoqda.
Yil boshida oltin zaxiralari hajmi qariyb 74,8 million unsiyani tashkil etgan. Shu tariqa, yetti oy davomida zaxiralar taxminan 1,6 million unsiyaga yoki 2,1 foizga kamaygan.
Zaxiralarning qisqarishi Rossiya davlat byudjeti taqchilligi ortib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyul oylarida byudjet taqchilligi 6,5 trillion rublga — taxminan 79 milliard dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,3 foiz ko‘p.
So‘nggi yillarda Rossiya byudjeti xarajatlari sezilarli darajada oshdi. Bu, xususan, mudofaa sanoatiga ajratiladigan mablag‘larning ko‘payishi bilan bog‘liq.
Tahlilchilar oltin sotilishi o‘sib borayotgan byudjet taqchilligini qoplash uchun ishlatilayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.