Keng ko‘lamli urushning uchinchi yilining oxiriga kelib, Rossiya armiyasi Ukraina sharqidagi, Donesk viloyatidagi hududlarni bosib olish sur’atini oshirdi va Ukraina Qurolli Kuchlarining muhim logistika markazi - Pokrovsk shahriga yaqinlashdi.
“Biz aylanma yo‘lni tashkil etayotgan Rossiya tomonining uchta tezkor manevr guruhini ko‘ryapmiz, maqsad nafaqat Ukraina Qurolli kuchlarini o‘rab olish, balki ta’minot liniyalarini ham kesishdir”, deydi avstriyalik harbiy tarixchi, polkovnik Markus Raysner. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Trampning 20-yanvardagi inaugurasiyasi oldidan maksimal muvaffaqiyatga erishishga shoshilmoqda.
Garchi yil oxiriga kelib rus qo‘shinlarining oldinga siljish tezligi oshgan bo‘lsa-da, umuman olganda, ular "oylar bo‘yicha o‘z jadvalidan juda ortda qolishdi", deb ta’kidlaydi Ukraina Qurolli Kuchlari polkovniki, zaxiradagi Sergey Grabskiy. Ruslar ma’lum sohalarda "besh-olti baravar ustunlik" tufayli va "aql bovar qilmaydigan yo‘qotishlar" evaziga olg‘a siljimoqda, deya qayd etadi ekspert.
Markus Raysner, shuningdek, oldinga siljigan Rossiya kuchlari "juda charchagan"ligini aytadi. Xuddi shu narsa, dedi u, Ukraina Qurolli kuchlariga ham tegishli.
Ukraina Rossiya Federasiyasining Kursk viloyatining bosib olingan hududining bir qismini ushlab turishda davom etmoqda. Raysnerning fikricha, Ukraina hech bo‘lmaganda Tramp prezidentlikka kelguniga qadar u yerda qolishga harakat qiladi, toki undan muzokaralarda foydalana oladi.