Bugun 29 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Rossiyaga ishga ketayotgan fuqarolar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirildi

A A A
Rossiyaga ishga ketayotgan fuqarolar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirildi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi jurnalist va blogerlar tomonidan migrasiyasi bilan bog‘liq masalalarning doimiy yoritilayotgani, xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz haqida turli materiallar e’lon qilish orqali ushbu sohaga va sohadagi mavjud muammolarga mas’ul idoralar va keng jamoatchilik e’tiborini qaratayotganini yuksak baholaydi.

Xususan, Rossiya Federasiyasiga ishga ketayotgan fuqarolar, mehnat shartnomasi talablariga rioya qilinmayotgani, ulardan ayrimlari qiyin vaziyatlarga tushib qolayotgani haqida oxirgi vaqtlarda turli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida qator materiallar e’lon qilinmoqda.

Darhaqiqat, ko‘plab davlatlarda bo‘lgani kabi yurtimizda ham ishsizlik muammosi mavjud. Har yili respublika mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelayotgan sharoitda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan amaliy tadbirlar ko‘rilayotganiga qaramay, tashqi mehnat migrasiyasining katta oqimi haligacha saqlanib qolmoqda.

Shu bilan birga, tashqi mehnat migrasiyasi geografiyasini kengaytirish, jarayonlarini tartibga solish, mehnat migrantlariga qulayliklar yaratish yuzasidan xalqaro shartnomalar tuzish, ularning respublika tashqarisida ish joylariga xavfsiz tarzda yetib borishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qator natijalarga erishilmoqda.

Birinchidan, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasining «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilingan hamda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni lisenziyalash tartibi to‘g‘risida»gi nizomi tasdiqlangan. Ushbu hujjatlar orqali fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish vakolati xususiy sektorga ham berilib, sohadagi mavjud monopoliyaga barham berilgan. Buning natijasida xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar tanlash imkoniyati yaratildi.

Ikkinchidan, 2018 yilda Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi. Shuningdek, fuqarolarimiz huquqini xorijda himoya qilish maqsadida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalari tashkil etilgan.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 avgustdagi «Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida»gi farmoni, 2020 yil 15 sentyabrdagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2021 yil 30 iyuldagi «Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlariga asosan mehnat migrantlari uchun imtiyozli mikroqarz olish, sug‘urtalash, imtiyozli xonadon olish, chet tili va kasbiy malaka imtihonini topshirish, yo‘l hamda viza bilan bog‘liq xarajatlarning qoplab berilishini ko‘zda tutuvchi mexanizmlar joriy etilgan.

Agar raqamlarga e’tibor qaratilsa, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining chet eldagi vakolatxonalari tomonidan 2020 yilda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshiryotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining 1388 nafariga huquqiy yordam, 77841 nafariga axborot-maslahat xizmatilari, 2420 nafariga ijtimoiy yordam, 4511 nafariga moddiy yordam ko‘rsatilgan, 474 nafar mehnat migrantlarining ish beruvchilar tomonidan to‘lanmay turgan 750 ming AQSh dollaridan ortiq miqdoridagi ish haqi va pullik kompensasiyalari undirib berilgan. Xorijda turli sabablar bilan qiyin ahvolga tushib qolgan 748 nafar mehnat migrantlari Vatanga qaytarilgan.

Qayd etish kerak, ushbu yo‘nalishdagi ishlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda va raqamlar esa oshgan.

Joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federasiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari A.Pudov boshchiligidagi qator davlat tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari vakillaridan iborat delegasiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasida mehnat migrasiyasi sohasida muhim kelishuvlarga erishildi.

Xususan, qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federasiyasiga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihasi:

– yaqin vaqt davomida 10 ming mehnat migranti soddalashtirilgan tartib asosida O‘zbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilinadi.

Nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog‘liq, jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.

Rossiya Federasiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni emlash va koronavirusga qarshi test topshirish jarayonlarini ikki davlat mutaxassislari tomonidan Rossiya tomoni tibbiy uskunalari yordamida birgalikda O‘zbekistonda amalga oshirish hamda ularning natijasi bo‘yicha tibbiy ma’lumotlarni «COVID-19siz sayohat» ilovasi tizimiga integrasiya qilish.

Rossiya Federasiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun patent olishda talab etiladigan daktiloskopik ro‘yxatga olish va rasmga olish jarayonlarini ikki davlat Ichki ishlar vazirliklari tomonidan Rossiya tomoni uskunalari yordamida O‘zbekistonda amalga oshirishga kelishib olindi.

Ta’kidlash joiz, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mehnat migrasiyasi sohasida erishilgan kelishuvlar ushbu davlatda ishlash istagida bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga olib keladi.

Albatta, yillar davomida paydo bo‘lgan muammolarni hal etish vaqt va davomiy choralarni ko‘rishni talab etadi.

Muhimi, tashqi mehnat migrasiyasi sohasini tartibga solish, mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning imkoniyat va imtiyozlardan foydalanishi aniq mexanizmlar yaratilgan. Ushbu mexanizmlardan foydalanish esa ko‘p jihatdan fuqarolarning o‘ziga bog‘liq.

Yuqoridagi kabi o‘zgarishlar va davomiy islohotlar sohadagi muammolarni bartaraf etishga, aholi bandligini ta’minlashga va fuqarolarimizning xorijda xavfsiz, tartibli va manzilli ish bilan ta’minlashga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Tashqi mehnat migrasiya agentligi axborot xizmati

Kiritildi: 12:01 04.10.2021. O'qildi: 2413 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!