Yaponiya hukumati Rossiyada faoliyat yurituvchi "Yaponiya markazi" notijorat tashkilotining barcha olti bo‘limini yopishga qaror qildi.
Bu haqda jurnalistlarga vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yosimasa Xayasi ma’lum qildi.
"Markazlar ishini yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi", — deya ta’kidladi u Tokio va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va bunga sabab sifatida "Rossiya ichidagi vaziyat"ni ko‘rsatdi.
TBS telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya hukumati markazlar "xodimlari xavfsizligini ta’minlashda yordam berish"ni so‘rab, tegishli qaror haqida Rossiya tomonini allaqachon xabardor qilgan.