Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) chet el fuqarolarining Rossiyadan xorijga amalga oshiradigan pul o‘tkazmalaridan 5 foiz miqdorida majburiy yig‘im joriy etishni taklif qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tashabbus allaqachon moliya vaziriga yuborilgan.
LDPR yetakchisi Leonid Sluskiy tomonidan Rossiya Moliya vazirligi rahbariga yuborilgan taklifga banklar va to‘lov tizimlari o‘tkazma summasining 5 foizini avtomatik ravishda ushlab qolishi va bu mablag‘larni federal byudjetga o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
"Agar pul Rossiyada ishlab topilgan bo‘lsa, uning bir qismi shu yerda qolib, iqtisodiyotimiz va xalqimiz uchun ishlashi kerak", — dedi Leonid Sluskiy.
Uning fikricha, yangi yig‘im federal byudjetning qo‘shimcha daromad manbaiga aylanadi. LDPR, shuningdek, bu yig‘im chet el fuqarolarining Rossiyada bo‘lishi bilan bog‘liq byudjet xarajatlarini qisman qoplash imkonini beradi, deb hisoblaydi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, migrantlar har yili Rossiyadan 25 milliard dollarga yaqin mablag‘ni olib chiqib ketadi. Misol tariqasida 2025 yil ma’lumotlari keltirilgan. Unga ko‘ra, Rossiyadan Qirg‘izistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,2 milliard dollarni, O‘zbekistonga esa qariyb 18,9 milliard dollarni tashkil etgan.