Medvedev o‘zining Telegram-kanalida AQShda yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun imzolanganini izohlar ekan, Vashington bunday harakatlarga faqat «to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy tiyib turish tili» bilan berilgan javobni tushunishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari Ukrainaga qurol-yarog‘, razvedka ma’lumotlari va moliyaviy yordam ko‘rsatib, Rossiya bilan amalda to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush olib bormoqda. Shuningdek, Yevropa mamlakatlari Rossiya biznesi, fuqarolari va madaniy aloqalariga nisbatan keng ko‘lamli cheklovlar joriy qilmoqda, deb da’vo qildi Medvedev.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, shuningdek, G‘arb kompaniyalarining aktivlarini vaqtincha boshqaruvga berishdan voz kechib, ularni majburan va tovon to‘lamasdan davlat mulkiga o‘tkazish zarurligini aytdi. U G‘arb davlatlari «faqat qo‘pol kuchni tushunadi», degan fikrni bildirdi.
Medvedevning bayonotlari AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan «2026 yilgi Lindsi O. Gremning Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonuni» imzolanganidan so‘ng yangradi. Hujjat AQSh Kongress Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan.
Qonun Rossiya hukumati a’zolari, davlat kompaniyalari va oligarxlarga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni joriy qiladi, Eronga qarshi sanksiyalar rejimini kengaytiradi hamda Rossiya nefti va gazini eng katta hajmda import qiladigan davlatlarga nisbatan boj tariflarini nazarda tutadi.