«Yangi odamlar» partiyasi deputatlari Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan bolalar davlat maktablarida faqat pulli asosda o‘qishini taklif qilmoqda. Ularning fikricha, bu chora ta’lim tizimiga tushayotgan yukni yengillashtiradi.
Rossiya Davlat Dumasidagi «Yangi odamlar» fraksiyasi rahbari Aleksey Nechayev boshchiligidagi deputatlar guruhi Rossiyada migrant bolalar uchun pulli ta’lim joriy etishni taklif qildi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Deputatlar Rossiya ta’lim vaziri Sergey Kravsov nomiga rasmiy murojaat yo‘llab, Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan bolalar davlat va mahalliy maktablarda faqat pulli asosda ta’lim olishi kerakligini qonunchilik asosida belgilash zarurligini bildirishdi.
Ular bu holat davlat va mahalliy byudjetga og‘irlik qilayotganini ta’kidlashdi. Qolaversa, ayrim hududlarda maktablarda joy yetishmasligi, o‘qituvchilar esa orttiqcha yuklama bilan ishlayotgani qayd etildi.
Migrant bolalarning ko‘pchiligi rus tilini yaxshi bilmasligi sababli ta’lim jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, bu esa umumiy o‘quv muhitini sekinlashtirayotgani aytilgan.
Murojaatda ta’kidlanishicha, xorijlik fuqarolar farzandlarining ta’lim xarajatlarini o‘zlari qoplashi lozim. Bu nafaqat byudjetga tushayotgan yukni kamaytiradi, balki o‘qituvchilarning ish yukini yengillashtirib, ta’lim sifatini oshiradi.
Deputatlar fikriga ko‘ra, bunday qadam migrant oilalarni ta’limga nisbatan mas’uliyatliroq yondashishga undaydi. Shuningdek, bu choralar Rossiya soliq to‘lovchilarining mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada migrantlarga rasmiy daromadidan ortiqcha mablag‘ni chet elga o‘tkazish taqiqlanishi mumkinligi haqida ham xabar berilgan edi.