Saida Mirziyoyeva Venesiya biennalesida nutq so‘zladi.
Zamonaviy jahon san’atining eng nufuzli minbarlaridan biri bo‘lgan Venesiya biennalesi joriy yilda In Minor Keys («Minor ohanglarda») shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Mavzu biz yashayotgan davr uchun juda aniq tanlangan, unda dunyoni anglash borasidagi nozik va murakkab qarashlar mujassam.
«61-Venesiya biennalesida O‘zbekistonning The Aural Sea milliy pavilyoni ochilish marosimida nutq so‘zladim. Bu men uchun o‘ta ahamiyatli chiqish bo‘ldi. Loyiha Orol dengizi mavzusiga bag‘ishlangan, biroq bunda u faqatgina ekologik fojia timsolida talqin qilinmagan. Ushbu ekspozisiyada Orol bizning xotiralarimiz, afsona va rivoyatlarimiz hamda ijodiy izlanishlar makoni sifatida namoyon bo‘lgan», deya ta’kidlaydi Mirziyoyeva.
Yana bir bor mamlakatimiz pavilyoni biennale ishtirokchilari va mehmonlarining katta qiziqishiga sazovor bo‘lib, madaniyatimiz bilan yaqindan tanishish va mintaqamizga sayohat qilish istagini uyg‘otdi.