AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralar boshlanishi fonida Rossiyada rubl kursining keskin mustahkamlanishi tufayli valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopila boshladi, deb xabar bermoqda Rossiya ommaviy axborot vositalari.
Valyuta operasiyalarini amalga oshiruvchi bank xodimlari chet el valyutasini rossiyaliklarga "arzon narxda" sotib yubormaslik va bozorning barqarorlashishini kutish uchun "tanaffus" e’lon qilinganini aytishdi. Hozircha faoliyat yuritayotgan kassalarda zarardan qochish maqsadida valyutani sotib olish va sotish narxlari o‘rtasida katta farq o‘rnatilgani haqida Shot telegram-kanali muxbirlari xabar berdi.
Banklar dollar kursini birja narxidan past bo‘lmagan, ya’ni 90 rubl darajasida ushlab turishni istayapti. Shu sababli, odamlarga dollarni o‘rtacha 97 rubldan sotib olish taklif qilinmoqda (sotish narxi esa deyarli 91 rubl atrofida).
Bugun, 13 fevral kuni ertalab rubl kursi birjalarda bir necha oylik yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Banklararo bozorda dollar kursi 90 rublgacha tushdi. Rossiya kompaniyalari aksiyalari ham o‘z qiymatini oshirdi.