Rossiyaning Amur viloyatida yuz bergan ommaviy mushtlashuvdan so‘ng 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat sudi axborot xizmati xabar berdi.
Hodisa 25 may kuni futbol o‘yini vaqtida, turli jamoalardan kelgan ishtirokchilar o‘rtasida kelib chiqqan mojaro oqibatida sodir bo‘lgan. Mushtlashuv natijasida 27 yoshli yigit o‘rtacha darajadagi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Qo‘lga olingan shaxslarning barchasi mayda bezorilik sodir etganlikda aybdor deb topilgan va sud qaroriga ko‘ra hibsga olingan. Ulardan to‘qqiz nafari 14 sutkaga, yana ikki nafari esa 12 sutkaga hibsga olingan.
Shuningdek, voqea yuzasidan qasddan badanga o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilarning bir qismi aybini tan olib, pushaymonlik bildirgani sababli ularga yengilroq jazo tayinlangan. Biroq huquqbuzarlik bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgani jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan.