Rossiya va Ukraina 12 iyun kuni harbiy asirlarni almashishning yangi bosqichini o‘tkazdi, deya ma’lum qildi prezident Vladimir Zelenskiy.
"Bugungi kunda armiyamiz askarlari, milliy gvardiyachilar, chegarachilar uyda. Ularning barchasi davolanishga muhtoj va ularga albatta zarur yordam ko‘rsatiladi. Bu allaqachon og‘ir yaralangan va og‘ir xasta askarlarning qaytishining ikkinchi bosqichi", - deb yozdi Ukraina prezidenti o‘zining Telegram-kanalida.
Rossiya Mudofaa vazirligi almashinuvni tasdiqladi.
Rossiya va Ukraina bayonotlarida har ikki tomondan qancha askar o‘tkazilganiga aniqlik kiritilmagan.
Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida kelishib olgan keng ko‘lamli almashuv 9 iyun kuni tomonlar 25 yoshgacha bo‘lgan harbiy asirlarni almashishi bilan boshlandi. 11 iyun kuni halok bo‘lgan 1212 askarning jasadi Ukrainaga, 27 nafar halok bo‘lgan askarning jasadi esa Rossiyaga qaytarildi.