Nashrning manbalariga tayanib xabar berishicha, Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatning yirik sanoat birlashmalariga ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini cheklash yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishni so‘ragan.
“Kommersant” xabariga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hozirda ikkita variantni ko‘rib chiqmoqda. Birinchi variantga ko‘ra, 2026 yildan boshlab chakana savdo tarmoqlari orqali sotiladigan mahsulotlarning kamida 80 foizi uzoq muddatli, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida fiksasiyalangan narxlarda bo‘lishi kerak.
Ikkinchi variantga ko‘ra, mahsulotlarning 80 foizi uchun minimal va maksimal ulgurji narxlar bevosita davlat tomonidan belgilanadi.
Rossiya hukumati tomonidan tartibga solinishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar sirasiga kartoshka, sabzi, karam, lavlagi, pomidor, piyoz, sut, tuxum, shakar, olma, bodring, kungaboqar yog‘i kiradi. “Kommersant”ga ko‘ra, bu tashabbusga narxlardagi keskin o‘sishlar turtki bo‘lgan.