Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, juma kuniga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga taxminan 430 dron va 18 ta raketadan foydalanib ommaviy zarbalar bergan.
"Hujum atayin odamlarga va fuqaroviy infratuzilmaga imkon qadar ko‘proq zarar yetkazish uchun amalga oshirilgan. Bugun bizning Patriot'larimiz ishladi va tun davomida Rossiyaning 14 ta raketasi urib tushirildi: 2 ta “Kinjal” va 6 ta ballistik raketa", — dedi Ukraina prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tungi hujumlar oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, bir necha o‘nlab odamlar (jumladan homilador ayol) jarohatlangan.
"Rossiyaning hujumi natijasida Kiyevda o‘nlab ko‘p qavatli uylar zarar ko‘rgan, “Iskander” raketasining bo‘laklari esa Ozarboyjon elchixonasi binosiga tushgan", — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Ozarboyjon tomoni hozircha bu ma’lumot bo‘yicha izoh bermadi.