Rossiya qo‘shinlarining Sumi va Xarkov viloyatlariga hujumi “amalda allaqachon boshlangan” — Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Lb.ua nashriga bergan intervyusida prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya qo‘shinlari Sumi va Xarkov viloyatlariga hujumga tayyorlanayotgani haqidagi bayonotiga izoh berdi.
"Aytishim mumkinki, prezident mutlaqo haq va bu hujum amalda allaqachon boshlangan", – dedi Sirskiy.
Qo‘mondonning fikricha, deyarli bir haftadan buyon barcha asosiy yo‘nalishlarda ruslarning hujum harakatlari soni deyarli ikki baravar ko‘paygani shundan dalolat beradi.
Zelenskiy mart oyida Rossiya Sumi, Xarkov va Zaporoje viloyatlarida yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina razvedkasi bu haqda ma’lumotlarga ega bo‘lgan.
Ukraina prezidenti, shuningdek, Vladimir Putinni muzokaralarni cho‘zib, vaqt yutishga va yana ko‘proq Ukraina hududlarini bosib olishga urinishda ayblagandi.