Bugun 26 aprel, 2025 yil, shanba

КИР

Eronda ota qizini omma oldida pichoqladi

Eronda ota qizini omma oldida pichoqladi

Eronning Islomshaher shahrida ota o‘zining 18 yoshli qizi Fotima Soltaniyni go‘zallik salonida ishlagani uchun pichoqlab o‘ldirdi, deb xabar beradi IranWire.

Fotima otasining g‘azabidan qo‘rqib, ayollar uchun go‘zallik salonida yashirincha ishlagan. Otasi qizning go‘zallik salonida ishlayotganini eshitib, darhol u yerga borgan. Qiz tashqarida otasini ko‘rgan va onasiga qo‘ng‘iroq qilib nima qilishni so‘ragan.

Biroq erkak salonga kirib, qiziga bir necha marta pichoq urgan. Guvohlarning aytishicha, u hatto qizining sochidan ushlab, boshini olishga uringan. Ammo ko‘chadagilar qichqira boshlaganida, u qochib ketgan. Keyinroq xotiniga qo‘ng‘iroq qilib, “Men seni shu g‘am bilan qoldirdim”, degan.

Ma’lum bo‘lishicha, Fotima otasining doimiy bosimi tufayli onasi bilan alohida yashagan.

HRANA axborot agentligi xabariga ko‘ra, jinoyatchi qo‘lga olingan.

Eronda ayollar o‘limiga oid aniq statistik ma’lumotlar e’lon qilinmaydi, ammo bunday holatlar mahalliy nashrlarda tez-tez nashr etiladi.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, o‘tgan yilning mart oyidan sentyabrgacha 78 nafar ayol qarindoshlari yoki yaqinlari tomonidan o‘ldirilgan.

2023 yilda Shargh gazetasi 2021-2023 yillar oralig‘ida erkaklar o‘z oilalarida kamida 165 ayolni o‘ldirgani haqida xabar bergan. Ulardan 27 tasi faqat 2023 yilning dastlabki uch oyida sodir bo‘lgan. Jinoyatchilar ko‘pincha asosiy sabab sifatida “nomus”ni ko‘rsatishgan.

Bu raqamlar faqat ro‘yxatga olingan holatlarni o‘z ichiga oladi va haqiqiy ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lishi mumkin, deyiladi hisobotda.

Kiritildi: Bugun 01:52. O'qildi: 1382 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!