Bugun 10 avgust, 2025 yil, yakshanba

КИР

Rossiya ishchi kuchi tanqisligini Myanmadan migrantlarni jalb etish orqali qoplamoqchi

Rossiya ishchi kuchi tanqisligini Myanmadan migrantlarni jalb etish orqali qoplamoqchi

Rossiya ishchi kuchi yetishmovchiligiga qarshi kurashish uchun yangi davlatlardan mehnat migrantlarini jalb etishi kerak. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot vaziri Maksim Reshetnikov ma’lum qildi.

«Biz migrantlarni jalb etishga o‘rganib qolgan faqat uchta davlatga e’tibor qaratishimiz kerak emas. Mutlaqo yangi davlatlarni qarash kerak, chunki dunyoda faol, xotirjam va ongli ravishda o‘z mehnat resurslarini eksport qilayotgan davlatlar juda ko‘p. Biz ham bunga tayyor turishimiz lozim», — deydi Reshetnikov.

Iqtisodiyot vaziri bunga misol sifatida Myanmani keltirgan — aholisi 55 millionga yetadigan mamlakatning xorijda 6 million mehnat migranti bor. «Biz ham ular bilan shuni muhokama qilyapmiz», — deydi Reshetnikov. Ta’kidlanishicha, 4 mart kuni bosh vazir Min Aun Xlayn boshchiligidagi Myanma delegasiyasi Rossiyaga tashrif buyuradi.

Rossiyada kadrlar muammosi 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin yuzaga keldi. Jangovar harakatlarning dastlabki kunlaridan mamlakatdagi mehnatga yaroqli 300 ming erkak frontga yuborildi, shuningdek, 650 ming — 1,1 million rossiyalik safarbarlik va urushdan qochdi. Oxirgi ikki yilda yana 700 ming kishi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va urushga yo‘l olgan.

O‘tgan yilning kuzida RF prezidenti Vladimir Putin Rossiyada ishchi kuchi yetishmayotganini ma’lum qilib, iqtisodiyotni rivojlantirishda «buni e’tiborga olish kerakligi»ni ta’kidladi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil o‘rtalarida Rossiyada kadrlar yetishmovchiligi butun kuzatuvlar davomida rekord ko‘rsatkichga chiqqan — kompaniyalarning xodimlar bilan ta’minlanganlik indeksi 30,8 band pastga qulagan.

Oldinroq Rossiya Xitoy, Vetnam, Hindiston, Turkiya va Afrika davlatlaridan mehnat migrantlarini jalb qilishni boshlagandi. Shuningdek Rossiya kompaniyalari Keniya, Zimbabve, Kamerun, Zambiya, Jazoir, Serra-Leone va Markaziy Afrika Respublikasidan ishchilarni yollashga urinmoqda.

Kiritildi: 18:45 04.03.2025. O'qildi: 1238 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!