2024 yil avgustidan beri Rossiyada polisiya xodimlariga urushga yuborilgan har bir gumonlanuvchi uchun 10 mingdan 100 ming rublgacha mukofot puli berilayapti. Sudgacha bo‘lgan jarayonda ularni frontga yuborish amaliyoti kengaymoqda.
Rossiyada hibsga olingan shaxslarni frontga yuborish orqali polisiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda mustaqil Verstka nashri tergovchilar va polisiyachilar so‘zlariga tayangan holda xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan har bir gumonlanuvchi uchun uchastkavoylar, tezkor xodimlar va tergovchilarga mukofot puli to‘lanmoqda. Mablag‘lar hududlarga qarab turlicha: Moskva va Sankt-Peterburgda har bir holat uchun 50 ming rubl, Leningrad oblastida esa 100 ming rublgacha yetishi mumkin.
Agar hibsdagi shaxs urushga borishga rozi bo‘lsa, unga nisbatan jinoyat ishi to‘xtatiladi, ehtiyot choralari bekor qilinadi. Ayrim hollarda urushdan qaytgan shaxs hatto sudlanmagan deb hisoblanishi mumkin. Huquqshunoslar bunday amaliyot huquqiy xavf-xatarlar tug‘dirayotganini ta’kidlashmoqda.
Ichki ishlar tizimidagi manbalarga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida butun mamlakat bo‘ylab 3333 nafar hibsga olingan shaxsga urushga borish taklif qilingan. Ularning 392 nafari — taxminan 12 foizi — shartnoma tuzishga rozi bo‘lgan. Qolganlari rad etgan yoki natija noma’lum bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, urushga yuborish haqida qaror sud qarorisiz amalga oshirilmoqda, faqat harbiy komissariatdan shartnoma tuzilgani haqida ma’lumotnoma talab qilinadi. Bu orqali tergovchi oyiga kamida ikki kishini frontga yuborib, o‘z oylik maoshidan ko‘p pul ishlashi mumkin.
Joriy tartib Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar asosida 18 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan har qanday gumonlanuvchiga sud o‘rniga urushda qatnashish imkonini taqdim etadi.