"Chegarasiz muxbirlar" tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya harbiylari jurnalistlar qo‘nim topgan mehmonxonalarni qasddan o‘qqa tutmoqda.
Nodavlat tashkilot hisobotiga binoan, 2022 yil 24 fevraldan buyon Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning 25 ta mehmonxonasiga 31 marta hujum qilgan. Ushbu mehmonxonalar asosan front chizig‘iga yaqin hududlarda - Xarkov, Donetsk, Dnepropetrovsk, Odessa va Kiyevda joylashgan.
Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, mazkur mehmonxonalarning faqat bittasidan harbiy maqsadlarda foydalanilgan, qolganlari esa fuqaro mehmonlarni, shu jumladan jurnalistlarni qabul qilgan.
Mehmonxonalarga qilingan hujumlar natijasida 25 nafar OAV xodimi jabr ko‘rgan, ulardan yettitasi tan jarohati olgan. 2024 yilda Kramatorskdagi mehmonxonaga uyushtirilgan hujum oqibatida Reuters axborot agentligining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rayan Evans halok bo‘lgan.