Qrimda Ukraina harbiy razvedkasi topshirig‘i bilan Rossiya Mudofaa vazirligining yuqori martabali ofiserlaridan birini shaxsiy avtomobiliga qo‘yilgan portlovchi qurilma orqali o‘ldirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Kiyev tomonidan yo‘naltirilgan agent avtomobil ostiga bomba joylashtirgan. U FXX xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatgan vaqtda yo‘q qilingan. Jinoyatchidan kuratori bilan aloqa vositalari va G‘arbda ishlab chiqarilgan portlovchi qurilmaning qismlari musodara qilingan.
Terrorchilik harakati Ukraina harbiy razvedkasi xodimi Rustem Faxriyev tomonidan tashkil etilgani aytilmoqda. Uning sheriklaridan biri — Qrim Respublikasida yashovchi shaxs — qo‘lga olingan.
Shu bilan birga, Ukraina harbiy razvedkasi Qrimda Rossiya harbiysining xotini va bolasi ham halok bo‘lishi ehtimolini ko‘zda tutgani aytilmoqda.
FXX yo‘q qilingan agent bilan bog‘liq videoni ham e’lon qildi. Kadrlarda jinoyatchining jasadi asfaltda yotgani va uning yonida granata borligi ko‘rinib turadi.