Rossiya G‘arb bilan urushga tayyorlanmoqda.
Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) prezidenti Bruno Kal shunday fikr bildirdi.
"Rossiya G‘arb davlatlari bilan haqiqiy harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda. Biroq bundan oldin NATO a’zolari o‘rasida tarqoqlik yaratishga harakat qilishi mumkin", — deya ta’kidladi Kal.
Uning fikriga ko‘ra, Rossiya Federasiyasi o‘zining keng ko‘lamli hujumi oldidan NATO nizomining mustahkamligini tekshirishga qaratilgan mahalliy miqyosdagi operasiyalarni amalga oshiradi.
"Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari NATO davlatlaridan birida “favqulodda vaziyat” yaratishni ko‘rib chiqmoqda. Bunda alyansning boshqa a’zolari “tegishli munosabat bildirmaydi. Misol tariqasida, Norvegiyaning Svalbard arxipelagiga ehtimoliy “qisqa muddatli hujum” yoki “mahalliy rusiyzabon ozchiliklarni himoya qilish” bahonasida Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan to‘qnashuvni keltirish mumkin", — deya aniqlik kiritdi BND rahbari.
Bruno Kalning qayd etishicha, agar bunday mojarolarda NATO Nizomining 5-moddasi qo‘llanilmasa, alyans mudofaa ittifoqi sifatida barbod bo‘ladi.
"Bu Rossiya Federasiyasi tomonidan ko‘zlangan maqsad hisoblanadi. Agar yordam va’dasi samarasiz bo‘lsa, Rossiya tajovuzkor kuch siyosati orqali Yevropada o‘z ta’sirini kengaytirishi mumkin. 2030 yilga borib Rossiya G‘arb davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy qarama-qarshilik uchun yetarli resurslarga ega bo‘lishi mumkin", — deb ogohlantirdi u.