Ukraina harbiylari Rossiya bilan mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va uni faqat muzokaralar yo‘li bilan bartaraf etish mumkin, deb hisoblaydi. Bu fikrni Donbassga safaridan so‘ng Germaniyaning Bild gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Paul Ronsxaymer bildirdi.
"Shaxsiy fikrimcha, urush boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Oxirgi 3-4 oy ichida biz chekinishga majbur bo‘ldik. Ruslar tezligini oshirmoqda, mojaroni davom ettirish uchun ularda resurslar bor. Ularda odamlar bor va ular bizdan ko‘p. Biz bu urushni tugatishimiz kerak, lekin biz o‘z hududimizni berishni xohlamaymiz" - dedi ukrainalik askar jurnalistga.
Ronsxaymerning o‘zi Ukraina kuchlari uchun oldingi chiziqdagi vaziyatni "qohbus" deb baholadi. U Rossiya Qurolli Kuchlarining jadal olg‘a siljishini qayd etib, ukrainalik askarlarni ham o‘z hukumati, ham G‘arb davlatlari tomonidan tashlab ketilgandek his qilishini aytdi. Uning fikricha, Ukraina Qurolli Kuchlari uchun vaziyat tobora qiyinlashib, ma’yus bo‘lib bormoqda.
Jurnalist, shuningdek, ukrainalik harbiylar Rossiya armiyasidan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar soni bo‘yicha ham, shaxsiy tarkibi bo‘yicha ham ancha past ekanini tan olishganini aytdi.
Avvalroq Kiyev Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarga qaytish uchun 2022 yilgi chegaralarga qaytish zarurligini ma’lum qilgandi.
Rossiya hukumati bunga javoban tinchlik muzokaralari bugungi kun voqeligi va frontdagi vaziyatni hisobga olgan holda olib borilishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, Vladimir Putin Rossiya Ukrainadagi mojaroni Istanbulda avval erishilgan kelishuvlar asosida uzoq muddatli hal qilish uchun shart-sharoit yaratishga bel bog‘laganini ta’kidladi.