Davlat dumasi deputatlari 17 dekabrdagi yig‘ilishda tashkilotlarni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qulladi.
Hujjatga ko‘ra, taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilinadi. Buning uchun Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining da’vosi hamda tashkilot terrorizmni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash faoliyatini to‘xtatganligini tasdiqlovchi faktlarning mavjudligi asos bo‘ladi.
Qonun loyihasi Davlat Dumasiga noyabr oyi oxirida kelgan. 10 dekabr kuni birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Rossiya hukumati sud qarorlari bilan terrorchi deb topilgan tashkilotlar reestrini yuritadi. Biroq, bunga qadar ushbu reestrdan chiqarib tashlash mexanizmi yo‘q edi. Qonun bunday imkoniyatni birinchi marta yaratmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bu tashabbus Afg‘onistonda 2021 yilda hokimiyat tepasiga kelgan «Tolibon» harakati bilan bog‘liq. Prezident Vladimir Putin va Rossiya rasmiylarining boshqa vakillari Tolibonni reestrdan olib tashlash imkoniyati haqida bir necha bor gapirgan. Putin harakatni terrorizmga qarshi kurashda ittifoqchi deb atadi va Rossiya delegasiyalari, jumladan Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Ayni vaqtda Rossiyaga Tolibon vakillari ham kelgan. Biroq, tashkilot hali ham terrorchilar ro‘yxatida qolmoqda.
Bundan tashqari, bir kun avval Checheniston rahbari Ramzan Qodirov «Hayat Tahrir ash-Sham» tashkiloti uchun ham xuddi shunday tartibni taklif qilgan edi.
«Kollektiv G‘arb Rossiya va Suriyaning yangi hukumatlari o‘rtasida keskinlikni keltirib chiqarishga harakat qilmoqda, ammo biz bunday stsenariyga yo‘l qo‘ymaymiz», deb yozdi Qodirov o‘zining Telegram-kanalida.