Rossiya bir necha yil davomida Yevropa mamlakatlaridagi yadroviy ob’ektlarni “soya floti” kemalaridan uchirilgan dronlar yordamida kuzatib kelgan. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti ekspertlari shunday xulosaga kelishdi.
2024 yil oxiridan beri Yevropaning 10 dan ortiq davlatida josus-dronlar bilan bog‘liq 144 ta holat qayd etilgan. Tadqiqotda ta’kidlanishicha, bu kabi uchuvchisiz qurilmalar biror marta ham urib tushirilmagan.
Dronlar, jumladan, Buyuk Britaniyadagi Qirollik Harbiy-havo kuchlari va AQSh Harbiy-havo kuchlari bazalari atrofida ham payqalgan.
Noyabr oyi oxirida dronlar Buyuk Britaniyaning Leykenhit aviabazasi yaqinida ko‘zga tashlangan. 2025 yil iyul oyida ushbu bazada AQShning yadro arsenali joylashtirilgan edi.
Ekspertlarning taxmin qilishicha, uchuvchisiz qurilmalar Seasons 1 yoki Hav Dolphin kemalaridan uchirilgan, bu kemalar dronlar kuzatilgan harbiy ob’ektlarga yaqin hududda, dengizda bo‘lgan. Ikkala kema ham Rossiya sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda neft tashishda foydalanadigan “soya floti”ga tegishlidir.