Financial Times nashri manbalariga ko‘ra, Yevropa razvedka xizmatlari Rossiya maxsus xizmatlari mudofaa sanoati kompaniyalari rahbarlariga suiqasd uyushtirish harakatlarini kuchaytirayotgani haqida ogohlantirdi. Ukraina uchun qurollar, dronlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi Yevropa kompaniyalari rahbarlari Rossiya maxsus xizmatlarining ehtimoliy nishoniga aylangan. Shu sababli Yevropadagi bir qator mudofaa kompaniyalari o‘z top-menejerlarining shaxsiy xavfsizligini kuchaytirmoqda.
Financial Times'ning Yevropadagi beshta davlat razvedka xizmatlari vakillariga tayanib yozishicha, Ukrainadagi jang maydonida vaziyatning uzoq vaqt davomida keskin o‘zgarmayotgani va Rossiya iqtisodiyotidagi qiyinchiliklar fonida Kreml Yevropadagi qo‘poruvchilik hamda “gibrid amaliyotlar” ko‘lamini kengaytirishga ko‘rsatma bergan. Moskvaning maqsadi yaqin oylarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga jiddiy putur yetkazish.
Nashr suhbatlashgan razvedka xodimlari Kreml bilan bog‘liq operativ xodimlar mudofaa sanoati korxonalarining bosh direktorlari va boshqa yuqori lavozimli xodimlarini nishonga olayotganini bildirdi. Ayniqsa, dronlar yoki ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi kichik kompaniyalar rahbarlari xavf ostida ekani aytilmoqda.
Germaniya Konstitusiyani himoya qilish federal idorasi (BfV) mamlakat mudofaa kompaniyalari xodimlari va rahbariyati bilan aloqalarni sezilarli darajada kuchaytirgan. Idora ularga, jumladan, xususiy xavfsizlik kompaniyalari orqali shaxsiy qo‘riqlash xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qilmoqda.