Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Xerson chekkasida tinch aholi avtobusini uchuvchisiz samolyot bilan urishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 16 kishi yaralandi.
Bu haqda Xerson viloyati davlat ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin Telegram’dagi kanalida ma’lum qildi.
"Odamlar ish bilan ketayotgan edi. To‘satdan - portlash sodir bo‘ldi. Rossiya qo‘shinlari Xerson chekkasida dron bilan avtobusni ataylab urdi. Taxminan 50 va 70 yoshli ikki erkak halok bo‘ldi. Hozirda tegishli xizmatlar qurbonlarning shaxsini aniqlamoqda. Ularning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman", deb yozdi u.
Prokudinning so‘zlariga ko‘ra, 16 kishi, jumladan, 10 ayol va 6 erkak yaralangan.
Ayni paytda tez yordam brigadasi og‘ir yaralangan bir kishini qo‘shni viloyatga evakuasiya qilgan. Shuningdek, hayotiy a’zolaridan og‘ir jarohat olgan to‘rt nafar yo‘lovchi hozirda reanimasiyada.