Rossiya Sudandagi fuqarolik urushida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va millionlab muhtojlarga gumanitar yordamni yetkazishga chaqiruvchi BMT Xavfsizlik kengashining rezolyusiya loyihasiga veto qo‘ydi.
Ovoz berish jarayoni Buyuk Britaniya raisligi ostida o‘tkazildi. Rezolyusiya loyihasi Serra-Leone bilan birgalikda ishlab chiqilgan edi. Uni Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi, jumladan, Xitoy ham qo‘llab-quvvatladi — biroq Rossiya tomonidan qo‘yilgan veto tufali rezolyusiya qabul qilinmadi.
Buyuk Britaniya TIV rahbari Devid Lemmi Rossiyaning qarorini «uyat» deb atab, faqat bitta davlat — tinchlik dushmani ekanini ma’lum qildi. «Ukrainada tajovuzkor urushni boshlab bergani uchun Putinga — uyat. Butun Afrika qit’asida zo‘rovonlik va mojaroni tarqatish uchun o‘z yollanma jangchilaridan foydalanayotgani uchun Putinga — uyat. Afrikaliklarni qotillik, zo‘rlash va shafqatsiz urushda ochlikdan o‘ldirishga mahkum etib, o‘zini global janubning sherigi sifatida ko‘rsatgani uchun Putinga — uyat».
O‘z nutqi davomida u Rossiya vakiliga savol bilan yuzlanib, RF harakatga kelishi uchun yana qancha tinch aholi o‘lishi, ayollar esa zo‘ravonlikka uchrashi kerakligini so‘radi. «Endi Rossiya BMTning barcha a’zolari oldida tushuntirish berishi kerak», — deydi Lemmi.