Rossiya hujumlarni asosan Kiyev, Xarkov va Kiyev viloyatiga yo‘naltirgan.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, hujumlar oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi yaralandi, ulardan uch nafari kasalxonaga yotqizildi. Dron bo‘laklari poytaxtning bir nechta tumanlariga qulashi oqibatida yong‘inlar chiqqan. Bundan tashqari turar-joy binolari, ofis, shaxsiy xonadon shikastlanib, ko‘p qavatli uylar va tibbiyot muassasasining oynalari singan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xarkovda 19 kishi jabrlangan, ular orasida bir bola ham bor. Uy-joylar, yotoqxona, korxona, shuningdek, tug‘uruqxona va shifoxona shikastlangan. Yonayotgan binolardan odamlarni evakuasiya qilish va hodisa oqibatlarni bartaraf etishga 130 dan ortiq qutqaruvchi jalb qilingan.
Kiyev viloyatida esa zarbalar natijasida to‘rt kishi yaralangan. Brovar va Borispol tumanlarida xususiy uylar va avtomobillarga zarar yetkazilgan.