2024 yil bahorida arbitraj komissiyasi "Yuventus"ni hujumchi Krishtianu Ronalduga pandemiya davrida to‘lanmagan maosh qarzi sifatida 9,8 million yevro to‘lashga majbur qilgan edi. Mazkur summa to‘lab berildi va Turin klubining 2023/2024 moliyaviy hisobotida aks ettirildi. Shunga qaramay, "Yuventus" bu qaror bo‘yicha apellyasiya bergan edi.
Football Italia La Gazzetta dello Sportga tayanib xabar berishicha, Turindagi mehnat masalalari bo‘yicha sud qaror chiqardi — "Yuventus"ning apellyasiyasi rad etildi. Shu tariqa, Ronaldu olingan mablag‘ni qaytarishi shart emas.
Qayd etilishicha, Turin klubi qarorni o‘rganib chiqadi va ishni davom ettirish imkoniyatlarini baholaydi.