Ba’zi katoliklar AQSh prezidenti Donald Trampni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Oq uy rahbarini Rim papasi qiyofasida aks ettirgan posti uchun tanqid qildi.
Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Kuni kecha Tramp sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratni e’lon qildi. Bu post Oq uyning X va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy hisoblarida ham joylashtirildi. Suratda Tramp oq sutana va mitrda, katta xoch bilan va ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘targan holda tasvirlangan. O‘ng qo‘lining nomsiz barmog‘ida "baliqchi uzugi" ko‘rinib turibdi - bu papa hokimiyatining o‘ziga xos belgisi bo‘lib, u sobiq baliqchi bo‘lgan havoriy Pyotrdan vorislikni anglatadi.
Post butun dunyo bo‘ylab katoliklar vafot etgan Papa Fransisk uchun aza tutayotgan va keyingi Rim papasini saylashga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda joylashtirilgan.
Bundan oldin Tramp bu mavzuda hazillashib, jurnalistlarga "o‘zi ham Rim papasi bo‘lishni xohlashini" aytgan edi.
Trampning e’loniga Nyu-York shtatidagi yepiskoplarni o‘z ichiga olgan Nyu-York Katolik konferensiyasi munosabat bildirdi. "Bu suratda kulgili hech narsa yo‘q, janob prezident, - deyiladi tashkilot bayonotida. - Biz hozirgina sevimli Papa Fransiskni dafn etdik va kardinallar tez orada Avliyo Pyotrning yangi vorisini saylash uchun tantanali konklav boshlaydilar. Bizni masxara qilmang."