Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qaratilgan va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan 28 bandlik tinchlik rejasi Rossiya mualliflari tomonidan yozilgan va oktyabr oyida Tramp ma’muriyati olgan memorandumga asoslangan, deya xabar bermoqda agentlik vaziyatdan xabardor uchta manbaga tayanib
Rasmiy maqomga ega bo‘lmagan ushbu hujjatda Kreml ilgari muzokaralarda ilgari surgan bandlar, jumladan, Ukrainaning hududiy yon berishlari haqidagi talablar mavjud bo‘lgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov telefon orqali muloqotda aynan shu memorandumni muhokama qilishgan. Rossiyaliklar tomonidan yozilgan ushbu hujjat keyinchalik 28 bandlik rejaning asosini tashkil qilgan.
Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner hamda Rossiya muzokarachisi Kirill Dmitriyev uchrashuvi chog‘ida rejaning aksariyat qismi ishlab chiqilgan. Davlat departamenti va Oq uydagi juda kam odam bu uchrashuvdan xabardor bo‘lgan.
Shunga qaramay, Jenevada Ukraina va Yevropa delegasiyalari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng ushbu reja sezilarli darajada o‘zgartirilgan, deya qayd etadi Reuters.