Bu haqda DW nashri xabar bermoqda.
Oxfam xayriya tashkilotlari birlashmasining yillik hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda milliarderlarning jami boyligi 2,5 trillion AQSh dollarga oshib, tarixiy — 18,3 trillion dollarni tashkil etdi. 2020 yil martidan buyon ularning umumiy boyligi 81 foizga ko‘paygan.
Hisobotda qayd etilishicha, dunyodagi eng boy inson Ilon Mask atigi to‘rt soniya ichida dunyodagi o‘rtacha yillik daromadga teng mablag‘ ishlab topadi.
Shu bilan birga, insoniyatning deyarli yarmi qashshoqlikda yashamoqda va ularning ulushiga jahon boyligining atigi 0,52 foizi to‘g‘ri keladi. Eng boy bir foiz aholi esa global boylikning 43,8 foiziga egalik qiladi.
Oxfam Germaniya bo‘limi rahbari Sharlotta Beker milliarderlarning iqtisodiy qudrati siyosiy ta’sirga aylanib borayotgani demokratiya uchun xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, tashkilot o‘ta boy insonlarni Germaniyada ham, global miqyosda ham yanada qat’iyroq soliqqa tortish zarurligini bildirdi.