Madridning "Real" klubida tez orada yana sardor o‘zgaradi - Luka Modrich klubni tark etadi. "Qaymoqranglilar" xo‘jayinlari xorvatiyalik futbolchi bilan yozda tugaydigan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. Shu tariqa, Madrid Universal ta’kidlaganidek, jamoa ketma-ket beshinchi yil amaldagi sardorini qo‘yib yubormoqda. Hammasi 2021 yilda Serxio Ramosdan boshlandi, keyin Marselo, Karim Benzema va Nacho jamoadan ketdi.
Luka Modrich "Real"da 13 yil o‘tkazdi, bu vaqt ichida u madridliklar safida 590 ta o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi. La Liga so‘nggi turidan o‘rin olgan "Real Sosyedad"ga qarshi shanba kungi bahsda 39 yoshli futbolchi "Santyago Bernabeu"da "qirollik klubi" muxlislari bilan xayrlashadi.