Sherali Jo‘rayev Botir Qodirovning otasi bo‘lib chiqdi. Bu haqda sud zalidan QALAMPIR.UZ jurnalisti xabar berdi.
“Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi da’vogar Qodirov Botir Sheraliyevichni javobgarlar Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li va Jo‘rayev Zohirshoh Sherali o‘g‘liga nisbatan otalik tartibini belgilash haqidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqib, qaror qiladi:
da’vogar Qodirov Botir Sheraliyevichni javobgarlar Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li va Jo‘rayev Zohirshoh Sherali o‘g‘liga nisbatan otalik tartibini belgilash haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilsin. Marhum 2023 yil 4 sentyabrda vafot etgan Sherali Jo‘rayev 1981 yil 5 mayda tug‘ilgan Qodirov Botir Sheraliyevichga nisbatan otalik fakti belgilansin.
1981 yil 5 mayda tug‘ilgan Qodirov Botir Sheraliyevichni Andijon shahar FHDYo bo‘limida 1983 yil 11 martda 12-son bilan qayd etilgan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnomaning ota ustuniga Sherali Jo‘rayev deb ko‘rsatilsin”, dedi sudya.
Uning aytishicha, hal qiluv qarori bir oydan keyin kuchga kiradi. Qarordan norozi taraflar shu sud orqali Toshkent shahar sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyasiya tartibida shikoyat qilishi mumkin.
“Shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tomonidan taqdim etilgan xulosalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan Adliya vazirligiga xususiy ajrim chiqaradi”, dedi sudya.